About the Journal

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 1995 yil 19 aprel kuni tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat va ijtimoiy qurilish akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash va tezkor davr talablariga javob beradigan boshqaruv kadrlarini tayyorlashda ko‘maklashish hamda ularni ilg‘or tajriba bilan qurollantirishga yo‘naltirilgan ilmiy-nazariy asosolangan noshirlik mahsulotlarini tayyorlash hamda chop etish maqsadida 1995 yil Davlat va jamiyat qurilish akademiyasi tarkibida Noshirlik bo‘limi tashkil etilgan.

1997 yil yiliga to‘rt marta chop qilinadigan “Jamiyat va boshqaruv” jurnali va 1998 yil “Akademiya” nashriyoti tashkil etilgach, “Akademiya” nashriyoti tarkibiga “Kitob va umumnashriy mahsulotlar” bo‘limi va “Jamiyat va boshqaruv” jurnali bo‘limi kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining rasmiy  “Jamiyat va boshqaruv” jurnali 1997 yilda tashkil qilingan. Jurnalda O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarning natijalari asosida yoziladigan ilmiy maqolalar nashr etiladi.  Jurnalda shu kungacha 104 soni va 1560 mingdan ortiq maqolalar chop etilgan.

Jurnalni chop etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – davlat va jamiyat boshqaruviga, davlatchiligimiz tarixi va nazariyasi, jamoat tashkilotlari bilan hokimiyat organlari o‘rtasida munosabatlar, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, jamiyat boshqaruvining taʼsirchanligini oshirish, kadrlar siyosatining samaradorligini yuksaltirish, davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish kabi ustuvor yo‘nalishlar bilan bog‘liq masalalar, iqtisodiy va innovatsion rivojlanish, demokratik va iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, menejmentning zamonaviy metodlari va yo‘nalishlari, bozor iqtisodiyoti, monetar va fiskal siyosat, marketing, xalqaro hamjamiyatda O‘zbekistonning tutgan o‘rni va rolini  ochib berishga qaratilgan mavzularda ilmiy maqolalar chop etishdan iborat.

Jurnalda ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, maʼnaviy-madaniy fan sohalariga doir, dolzarbligi umumeʼtirof etilgan turli mavzularga oid original g‘oya(lar)ga asoslangan, ilmiy-nazariy va amaliy tadqiqotlar natijalari asosida yozilgan maqolalar, konferensiya, simpozium, seminarlarda qilingan maʼruzalar, uslubiy tavsiyalar, ilmiy obzorlar, tanqidiy xarakterdagi maqolalar, menejment masalalariga oid yangi bosilgan xorijiy adabiyotlar haqidagi materiallar chop etiladi.

Jurnalda tadqiqot obyekti yaqin yoxud aynan o‘xshash bo‘lgan, bir-biriga bog‘liq fan sohalaridagi mavjud muammolarga bag‘ishlab yozilgan ilmiy maqolalar hamda Akademiya joriy faoliyatiga doir turli xil informatsion materiallar chop etiladi.

– xalqaro indeksi ISSN – 2181-7340.

– jurnal O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan 10.04.2013 yilda 0201-son bilan ro‘yxatga olingan.